Logo

Tarixiy obektlar

Tarixiy obektlar

Samarqand shahridagi Tarixiy obektlar

Registon ansambli

Registon maydoni yoki Registan – OʻzbekistondaSamarqandning Registon maydonida joylashgan 3 ta madrasadan (UlugʻbekTillakoriSherdor) tashkil topgan meʼmoriy majmua.

Dastlabki 1417–1420-yillarda Ulugʻbek madrasasi bunyod etilib, keyinchalik qarshisiga – maydonning sharqiy qismida Ulugʻbek xonaqosi (1424-yil), shimoliy qismiga Mirzoyi karvonsaroyi, janubiga Alika Koʻkaldosh juma masjidi (1430-yil) bunyod etilgan, yonida esa yogʻochdan xotamkori uslubida Masjidi Muqatta va Abusaid madrasasi qurilgan. 1420–1440-yillarida Registon hashamatli meʼmoriy ansamblga aylangan. XVII asrda Samarqand hokimi Yalangtoʻsh Bahodir vayrona holatdagi Ulugʻbek xonaqosi oʻrniga Sherdor madrasasini (1619–1635/36), Mirzoyi karvonsaroyi oʻrniga Tillakori masjidini (1646/47–1659/60) qurdirgan. Registon maydoni oʻzining rang-barang koshinkori bezaklari; naqshinkori peshtoqlari, ulkan gumbazlari bilan Markaziy Osiyo meʼmorchligining noyob yodgorligi hisoblanadi.

Qadimiy Samarqand shahrining rasmiy markazi Registon maydoni boʻlib, bu yerda uchta madrasa qad koʻtargan: Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalari. Registon – qadimiy ilm, taʼlim muassasalari joylashgan joy boʻlib, sharqdagi shahar qurilishi sanʼatining eng koʻzga koʻrinarli namunalaridan biri hisoblanadi. U haqda Temuriylar faxr bilan: „Kim bizning kuch-qudratimizga shubha qilsa, kelib biz qurgan binolarni koʻrsin“, deganlar. 2001-yilda bu uch madrasa UNESCOning butun dunyo yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan.




Goʻri Amir

Goʻri Amir yoki Amir Temur maqbarasi – Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik. Xalq orasida Goʻri Amir yoki Goʼri Mir (Mir Sayyid Baraka) deb nomlanib kelinadi. Maqbaraga temuriylar sulolasiga mansub kishilar (Amir Temur, uning piri Mir Sayyid Baraka, oʻgʻillari Umarshayx, Mironshoh va Shohrux, nabiralari Muhammad Sulton, Ulugʻbek va boshqalar) dafn etilgan. Temuriyzoda Boburning taʼkidlashicha, dastlab Temurning nabirasi Muhammad Sulton Mirzo Samarqand qalʼasi yaqinida Toshqoʼrgʼon – tomonda Madrasa qurdirgan. 1403 -yili Muhammad Sulton halok boʼlgach, Amir Temur uning xotirasiga maqbara qurish haqida farmon beradi. Maqbara Madrasa hovlisining toʻriga bunyod etilgan.
Maqbara hashamatli sakkiz qirrali asosda qurilgan boʻlib, uning tashqi bezaklari devorlariga marmar bitiklar bilan qoplangan boʻlib, ular orasida „subhanallohu bihamdih va subhanollohul azim va bihamdih“ duosi bitilgan, yaʼni kufiy yozuvida Alloh taologa hamd aytishdir.
Mustaqillik yillarida, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660-yilligi va Mirzo Ulugʻbek tavalludining 600-yilligi munosabati bilan maqbarada katta hajmda taʼmirlash ishlari olib borildi. XIX asrning oxirida qulab tushgan minora va gumbazning zar qubbasi qayta tiklandi.




Bibixonim madrasasi

Bibixonim madrasasi – Amir Temurning rafiqasi Bibixonim (Saroymulk xonim) “oʻz onasi sharafi”ga 14-asr oxirida Samarqandda qurdirgan madrasa. Olim A. Vamberi taʼkidlashicha, bu madrasada 1000 ga yaqin talaba oʻqigan.
Bibixonim madrasasi yonida unga "qoʻsh" uslubda Tuman ogo xonaqohi qurilgan. Tarixiy manbalar xonaqoh 1399 yildan oldin bunyod etilganligi haqida maʼlumot beradi. Chortokli keng xonaqoh, tepasi baland gumbaz bilan bogʻlangan. Devorlariga manzara naqshin gullar, serhasham bezaklar ishlangan. 4 tarafidagi keng derazalar—tobadonlar va eshiklar orqali xonaqoh juda yaxshi yoritilgan. Ostidagi tagxona—sardoba esa kichikroq boʻlib, devorlari yirik kulrang toshtaxtalar bilan bezatilgan. Tagxonada bir necha tosh tobutlar saqlangan. 1875-yil zilzilasi natijasida tagxona gumbazchasi oʻpirilib, pastda toshtobutlar borligi maʼlum boʻldi. Shu vaqtdan boshlab aholi orasida tobutlardan biri Bibixonimga tegishli degan ovoza tarqaldi. Shu sababli yaqingacha ushbu xonaqoh Bibixonim maqbarasi deb yuritilgan. Lekin tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, Bibixonim Temur vafotidan keyingi boʻhron yillarida zaharlab oʻldirilgan. Binodagi ayol jasadi esa moʻmiyolangan va antropolog aniqlashicha, oʻrta yoshlardagi, sochlari qora va jingalak boshqa ayolligi ma’lum bo’ladi.
Tuman ogʻo xonaqohi Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan 1996-yilda taʼmir etilgan.




Shohizinda

Shohizinda — Afrosiyob tepaligi janubida joylashgan maqbaralardan hamda masjid, minora va madrasadan iborat ansambl. Shohizinda meʼmoriy majmuasi Qoraxoniylar sulolasi tomonidan asos solingan. Ularning eng qadimiysi Qusam ibn Abbos maqbarasi boʻlib, xalq orasida Shohizinda (tirik shoh) nomi bilan mashhur. Ansambl bir-biri bilan yoʻlak orqali bogʻlangan 3 guruh binolardan iborat.
Quyi guruhdagi inshootlar Ulugʻbek oʻgʻli nomidan qurdirgan Abdulaziz chortogʻi, unga shimoldan Davlat qushbegi madrasasi tutash, uning qarshisidagi ayvonli masjid naqshlar bilan nafis bezatilgan. Qirq pog’onali tik zinapoya oʻrtaligʻining chap tomonida ziyoratxona va goʻrxonadan iborat qoʻshgumbazli maqbara joylashgan.
Oʻrta guruhdagi binolar: Amirzoda maqbarasi, Tugʻlu Tekin maqbarasi, Shirinbeka ogʻo maqbarasi, uning qarshisida Temurning boshqa singlisi Turkan ogʻo maqbarasi, 8 qirrali maqbara, Ali Nasafiy maqbarasi kabilar.
Yuqori guruhdagi binolar: Ziyoratxona, uch qismdan iborat masjid, Xoja Ahmad maqbarasi, Tuman ogʻo majmuasi, 2 ta nomsiz maqbaraning kiraverish devorigina saqlangan. Shuningdek, Tamgʻoch Bugʻroxon madrasasi, Amir Burunduq maqbarasi kabilardir. Ansambl tarkibidagi 20 dan ortiq inshootlar davlat muhofazasiga olingan.
XIX-XX asrlarda ansamblning yana bir necha binolari barpo etilgan. XVIII asrda vayron boʻlgan zina oʻrnida 40 pogʻonali gʻishtin yangi zina qurilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 16-iyul qaroriga asosan Shohizinda yodgorlik majmuasida katta koʻlamdagi taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.




Hazrati Xizr masjidi

Hazrati Xizr masjidi – afsonaviy oʻlmas taqvodor inson Hazrati Xizr nomi bilan bogʻliq. Bino Shohizinda majmuasi qarshisidagi tepalikda joylashgan qadimiy masjid poydevori ustiga qurilgan. Yodgorlik Shohizinda va Toshkent koʻchalari chorrahasida joylashgan.
Masjid haqida ilk eslatma VIII asr boshlari arablar Soʻgʻdni bosib olgan davrga toʻgʻri keladi. Rivoyatlarga koʻra, 712-yilda Qutayba qoʻshinlari Samarqandni egallagandan soʻng arablar Joʻyi arziz kanalini toʻgʻon bilan toʻsib, shahar qalʼasini suv ostida qoldirmoqchi boʻlganlar. Biroq osmondan ulkan oq qush tushib, toʻgʻonni buzdi. Bu voqeani xotirlash uchun Qutaybaning hamrohlaridan biri Muhammad ibn Vaso Temir darvozada, Afrasiyobning janubiy tomonida, soʻgʻdliklar hurmat qiladigan zardushtiylar ibodatxonasi oʻrniga “Hazrati Xizr” masjidini qurdirdi. Masjid 1220-yilda moʻgʻullar istilosi davrida butunlay vayron qilingan.
Hozirgi masjid 1854-yilda qadimiy poydevor ustiga qurilgan. Rekonstruksiya 1919-yilda samarqandlik mashhur usta Abduqodir bin Boqiy tomonidan kirish portali va sharqiy minora oʻrnatilib, darvozaxona toʻgʻridan-toʻgʻri gumbaz bilan yopilganida nihoyasiga yetdi.
Masjid xonaqoh, uning 2 yonida hujralar, qoʻshimcha xonalar, omborxona, minoradan iborat; keyinchalik binoga qoʻshimcha ayvon, darvozaxona qurilgan. Darvoza peshtoqgumbazli, peshtoqning 2 burchagiga qubbasi qovurgʻali guldasta-minoralar ishlangan; peshtoqning chap tomonida ravoqli, oʻymakori bezatilgan 5 ta yogʻoch ustunli peshayvon jozibador naqshlar bilan serhasham bezatilgan.
2018-yilda masjid hududida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi ochildi.




Ulugʻbek rasadxonasi

Ulugʻbek rasadxonasi – XV asr meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri, koʻhna astronomik kuzatuv muassasasi. 1420-yillarda temuriylar davri astronomi Ulugʻbek tomonidan barpo etilgan. Rasadxonada Al-Koshiy, Ali Qushchi va Ulugʻbek kabi musulmon astronomlar ishlagan. Rasadxona 1449-yilda vayron qilingan va 1908-yilda qayta kashf etilgan.
Rasadxona bunyodkori Muhammad Taragʻay Ulugʻbek Amir Temurning nevarasidir. Shahzodaning ustozlari faylasuf Orif Ozariy va matematik Qozizoda Rumiy boʻlib, keyinchalik rasadxona faoliyatida ularning ham xizmatlari katta bo’lgan. Ulugʻbek bolaligida qobiliyatli va matematika faniga qiziqishi baland edi. 1409-yilda Samarqand hukmdori boʻlgan Ulugʻbek ilm-fanni rivojlantirishga harakat qildi va oradan 10 yil oʻtib oʻzining orzusi – rasadxona tashkil etishni amalga oshira boshladi.
Rasadxona uch qavatdan iborat boʻlib, birinchi qavatda xodimlar yashagan. Barcha kuzatuvlarni koʻzdan kechirish ikkinchi va uchinchi qavatlardan olib borilgan. Rasadxonaning tomi tekis boʻlib, asboblarni binoning tomi ustida ham ishlatish mumkin edi. Soʻnggi yillarda rasadxonaning kirish qismi bir necha bor oʻzgartirilgan.
Mirzo Ulug’bek va uning shogirdlari rasadxonada ko’plab tadqiqotlar amalga oshirgan. Shuningdek, Ulugʻbek yilning uzunligini 365 kun 5 soat 49 daqiqa 15 soniya deb belgilagan, bu xatolik +25 soniya boʻlib, bu Nikolay Kopernikning +30 soniya xatosi boʻlgan taxminidan aniqroq boʻlgan. Ulugʻbek ham Yer oʻqi ogʻishini 23 soat, 30 daqiqa 17 soniya deb belgilagan.




Bog‘ibaland

Bog‘ibaland – Sohibqiron Amir Temur asos solgan va bugungacha saqlanib qolgan mashhur bog‘lardan biridir. U Eski Ko‘hak, hozirgi Cho‘ponota tepaligining yon bag‘rida, shaharning shimoliy qismida, Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘ida joylashgan. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida mazkur hududda Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Og‘abegimga atab “Bog‘ibaland” bog‘i barpo etilgani va unda to‘kin anjirzorlar borligi yozilgan. Bog‘ni o‘ragan devor xarobalarini XX asr boshlarida ham ko‘rish mumkin bo‘lgan.
Bu yerni shimol tomondan Zarafshon daryosi, g‘arb tomondan Cho‘ponota tepaligi, janub tarafida Samarqand shahri, sharqida esa keng bepoyon dalalar joylashgan. Bog‘da alohida anjirzor, uzumzor, olmazorlar bo‘lib, ular bog‘ manzarasiga o‘ziga xos husn qo‘shgan. Bog‘ning o‘rtasida yuksak mahorat bilan barpo qilingan ko‘shk qad rostlab turgan, bog‘ning atrofi baland devor bilan o‘ralgan. Shimoliy tomoni Zarafshon daryosining qirg‘oqlari bilan chegaralanib turgan. Bugungi kunda bog‘ hududida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qirq gektarlik maydonda anjir yetishtiriladi.

>